Challenge Samarkand 2025: Ayollar PRO poygasi

Samarqand, 2025 — Challenge Samarkand 2025 ayollar poygasi kuch, chidamlilik va g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatning haqiqiy namoyishiga aylandi. Klassik Middle Distance masofasida (1,9 km suzish, 90 km velosiped, 21,5 km yugurish) ispaniyalik yulduz Sara Sala Perez ajoyib natija ko‘rsatib, katta ustunlik bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Start ro‘yxati

Challenge Samarkand musobaqasi har yili ko‘plab taniqli PRO sportchilarni jalb qiladi va bu yil ham bundan mustasno bo‘lmadi:

Sara Sala Perez — Ispaniya

Amelia Watkinson — Yangi Zelandiya

Anna Bergsten — Shvetsiya

Lilli Gelmini — Italiya

Marta Łagownik — Polsha

Ekaterina Shabalina — Qozog‘iston

Bridget Theunissen — Janubiy Afrika

Chloe Sparrow — Buyuk Britaniya

Milan Agnew — Avstraliya

Suzish: Saraning ishonchli starti

Sara Sala Perez suvdan birinchi bo‘lib chiqib, poygadagi eng kuchli suzish natijasini ko‘rsatdi. U o‘zidan keyingi eng yaqin raqibi — britaniyalik Chloe Sparrowdan to‘liq bir daqiqa oldinga chiqib, kunning asosiy sur’atini belgilab berdi. Suzish bosqichi toza va sokin suvda o‘tkazildi, bu esa Saraga o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish etish imkonini berdi.

“Marshrut juda chiroyli, suv toza va sokin edi, shuning uchun suzish oson tuyuldi,” — dedi Sara. “Men juda xursandman — bu ajoyib joy va musobaqa tashkiloti jahon darajasida bo‘ldi. Tadbirdan juda zavq oldim.”

Velosiped

Velosiped marshrutining birinchi yarmida shamol orqadan esib, sportchilarga juda yuqori sur’atda harakatlanish imkonini berdi. Biroq burilishdan keyin kuchli qarshi shamol boshlandi va bu poygani ancha qiyinlashtirdi.

Shunga qaramay, Sara Sala Perez o‘z ustunligini yanada oshirishda davom etdi. Velosiped bosqichi oxiriga kelib, uning oldindagi farqi 5 daqiqaga yetdi — bu o‘rta masofadagi poyga uchun juda katta ustunlik. Uning ortidan Chloe Sparrow va Amelie Watkinson taxminan bir yarim daqiqalik farq bilan ketishdi.

Tranzit zonasidan chiqishda Sara tasodifan suv idishini tushirib yubordi, ammo keyinchalik tabassum bilan ta’kidlaganidek, bu uning diqqatini chalg‘itmadi. Yugurish boshlanishiga kelib, uning ustunligi 6 daqiqadan oshdi.

Yugurish: kuchli finish va podium uchun kurash

Yugurish yo‘nalishida Sara Sala Perez poygani ishonchli tarzda nazorat qildi. Marshrut tekis bo‘lsa-da, juda charchatuvchi edi:

“Velosiped yo‘nalishi tekis va tez edi, ammo shamol sababli qiyin kechdi. Yugurish yo‘nalishi ham tekis, lekin oson emasdi — birinchi yarmida kuchli qarshi shamol esdi, ikkinchi yarmida esa issiq o‘z ta’sirini kuchli ko‘rsatdi. Shunga qaramay, birinchi bo‘lib finishga yetib kelganimdan juda xursandman.”

Sara murabbiyining strategiyasiga amal qildi:

“Yugurishni boshlaganimda murabbiyimning so‘zlari esimga tushdi: ‘Sara, barqaror va ishonch bilan boshlagin’. Men aynan shunday qildim. Poyga davomida kuchimni bekorga sarflamadim va yugurishning so‘nggi aylanasida bor kuchimni berdim.”

Yangi zelandiyalik Amelie Watkinson suzishda biroz zaifroq natija ko‘rsatgan va velosiped bosqichida kutilganidan pastroq natija qayd etgan bo‘lsa-da, kuchli yugurish orqali ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi:

“Men Sara bilan taktikamiz butunlay boshqacha bo‘lishini bilardim. Suzishim unchalik yaxshi bo‘lmadi, odatda velosipedda kuchliroq bo‘laman, ammo bugun bu namoyon bo‘lmadi. Bunday poygalarda yugurish juda qiyin bo‘lishini bilasiz va shunchaki kurashni davom ettirish kerak. Oxir-oqibat, kutganimdan yaxshiroq yugurdim.”

Amelie murakkab ob-havo sharoitlarini ham alohida ta’kidladi:

“Yugurish juda tez bo‘lmadi, ammo sharoitni hisobga olsak — boshida qarshi shamol, oxirida esa issiq — bu yaxshi natija. Qaytish yo‘lida qanchalik ko‘p tezlik qo‘shish mumkinligi hayratlanarli — bunday poygada hamma narsa yuz berishi mumkin. Anna qayerdaligini ham aniq bilmaganim uchun diqqatimni jamlab bordim. Bugun bor kuchimni berdim.”

Uchinchi o‘rinni shveysariyalik sportchi Anna Bergsten egalladi. U kun juda qiyin o‘tganini tan oldi:

“Bu juda og‘ir kun va eng yaxshi sport formasida bo‘lmaganingizda qaytish uchun ancha jiddiy poyga bo‘ldi. Ammo bu joy ajoyib va men vaziyatni qanday boshqarganimdan faxrlanaman. Albatta, suzishda, velosipedda va ayniqsa yugurishda bundan ko‘proq narsani xohlardim. Hali jismoniy jihatdan yetarlicha tayyor emasman, shamol va issiq ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Yetarlicha mashg‘ulot hajmini bajarmaganimni tushunaman. Shunga qaramay, barqaror natija ko‘rsatib, o‘zimni xotirjam tutganimdan mamnunman. Yugurishim eng yaxshi darajada bo‘lmadi, ammo men shunchaki finishga yetib borishga e’tibor qaratdim. Oldin nimalar bo‘lganiga emas, poynaning o‘ziga e’tibor qaratganimdan xursandman.”

Challenge Samarkand 2025 ayollar poygasi natijalari:

1-o‘rin — Sara Sala Perez (Ispaniya)

2-o‘rin — Amelie Watkinson (Yangi Zelandiya)

3-o‘rin — Anna Bergsten (Shveysariya)

Challenge Samarkand 2025 nafaqat xalqaro sport tadbiri, balki Markaziy Osiyoda triatlon harakatining rivojlanib borayotganining ramziga ham aylandi. Poyga jazirama quyosh, kuchli shamol va yuqori namlik sharoitida o‘tdi va har bir finish irodaning haqiqiy g‘alabasiga aylandi.

Barcha ishtirokchilarni tabriklaymiz, muxlislarga rahmat aytamiz va triatlon buyuk yutuqlarga ilhom berishda davom etadigan Challenge Samarkand 2026ni intiqlik bilan kutamiz!